BIOT–2026 | O‘zbekiston charm-poyabzal mahsulotlari Rossiya bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda

20.11.2026

BIOT–2026 | O‘zbekiston charm-poyabzal mahsulotlari Rossiya bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda

17–20-noyabr kunlari Moskva shahrida o‘tkazilayotgan «BIOT–2026» xalqaro mehnat xavfsizligi va muhofazasi ko‘rgazmasida O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati korxonalari faol ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazma doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 30 dan ortiq turdagi eksportbop mahsulot modellari namoyish etilmoqda. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida dastlabki amaliy natijalarga erishildi.

Xususan, «Comfort Leather Shoes» korxonasi tomonidan maxsus poyabzal mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 200 ming AQSH dollari, «DSM» MChJ tomonidan esa Rossiyaning «Mexovaya korporatsiya» kompaniyasi bilan charm mahsulotlari eksporti bo‘yicha 100 ming AQSH dollari miqdorida eksport kelishuvlariga erishildi.

Shu tariqa, ko‘rgazma doirasida umumiy qiymati 300 ming AQSH dollarilik eksport kelishuvlari amalga oshirildi. Shuningdek, mahsulotlarni Rossiya bozorida ilgari surish, yangi savdo hamkorlarini jalb etish hamda mahsulotlarni sertifikatlash masalalari bo‘yicha istiqbolli aloqalar o‘rnatildi.

Mazkur ishtirok milliy mahsulotlarimizning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Uzcharmsanoat