“O‘zcharmsanoat” uyushmasi 5–10-noyabr kunlari Shanxayda bo‘lib o‘tayotgan CIIE 2026 xalqaro import ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma doirasida ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, investitsiyalarni jalb etish va eksportni kengaytirish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazildi.
Diplomatik hamkorlik
Uyushma vakillari O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Farhod Arziyev va Shanxaydagi konsul Rustam Ismoilov bilan uchrashdi. Xitoylik investorlar, uskuna ishlab chiqaruvchilar va savdo hamkorlari bilan aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Elchixona amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, zamonaviy uskunalarni joriy etish va yangi mahsulot modellarini yaratish bo‘yicha “WENZHOU LEATHER AND FOOTWEAR EQUIPMENT FAIR” ko‘rgazmasi tashkilotchilari hamda mahalliy mahsulotlar uchun yangi savdo bozorlarini o‘zlashtirish yuzasidan “HAINING TADE FASHION” kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar ikki mamlakat o‘rtasida sanoat, investitsiya va savdo sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uzcharmsanoat