“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Markaziy bank bilan hamkorlikda charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohasi tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda tijorat banklari va tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Markaziy studiya hamda Zoom orqali ulangan hududiy studiyalardan jami 130 dan ortiq tadbirkor muloqotda qatnashdi.
Ishlab chiqarishni kengaytirish, vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan korxonalar ishini tiklash, eksport buyurtmalarini bajarish va yangi loyihalarni moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi. Aylanma mablag‘lar, garov ta’minoti, kafillik hamda kredit muddatlari va to‘lov jadvallarini qayta ko‘rib chiqishga oid murojaatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Zamonaviy va umumiy foydalanishdagi uskunalarni o‘rnatish, xorijiy mutaxassislarni jalb etish hamda xodimlar malakasini oshirish tashabbuslari ko‘rib chiqildi.
Banklarga tadbirkorlar bilan bevosita bog‘lanib, har bir murojaatni alohida o‘rganish vazifalari yuklatildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha mas’ullar va muddatlar belgilandi. Korxonalar faoliyatini davom ettirish va ish o‘rinlarini saqlash muhimligi ta’kidlandi.
Uzcharmsanoat