Oʼzbek charm-poyabzal mahsulotlari Latviyada

17.01.2023

Oʼzbek charm-poyabzal mahsulotlari Latviyada

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida “Trade House Uzbekistan” kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv boʼlib oʼtdi. Muloqotning asosiy mavzusi Latviyada Oʼzbekistonda ishlab chiqarilgan charm-poyabzal va moʼyna mahsulotlarining savdosini yoʼlga qoʼyish hamda Latviya investorlarini mamlakatimizga faol jalb etish boʼldi. Ikki tomonlama hamkorlikning navbatdagi raundida milliy mahsulotlarimizni qisqa fursatda Latviya bozori orqali YeI bozoriga olib kirish masalasining amaliy jihatlarini muhokama qildi. Bu borada Oʼzbekistonning GSP+ prefrerentsiyalar tizimidan samarali foydalanishi bilan bogʼliq imkoniyatlari koʼrib chiqildi.

“Trade House Uzbekistan” kompaniyasi rahbari bugungi kunda Oʼzbekiston uchun Latviyada yirik shou-rum tashkil etilganligi va shu kunga qadar hunarmandchilik va qishloq xoʼjaligi mahsulotlari savdosi yoʼlga qoʼyilganligini qayd etib, navbatdagi bosqichda Oʼzbekistonning charm-poyabzal korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni joylashtirish ishlari boshlanishini takidladi.Uchrashuvda tomonlar mahsulotlar naʼmunalarini joylashtirish, mahsulot turlari va yetkazib berish bilan bogʼliq masalalarni atroflicha muhokama qilib oldi. Shuningdek, Latviyada ulgurji savdolarni yoʼlga qoʼyish boʼyicha tashkiliy jihatlarning bugungi xolati koʼrib chiqildi.

Muzokaralar chogʼida Latviya kompaniyalarini Oʼzbekistonga sarmoya kiritish va qoʼshma loyihalarni amalga oshirish bilan bogʼliq masalalarda fikr almashildi. Muloqot soʼngida YeI jumladan, Latviyaga mahsulot yetkazib beruvchi mahalliy korxonalar bilan muzokaralar oʼtkazilishi va naʼmunalarni Latviyadagi shou-rumga joylashtirish boʼyicha qaror qabul qilindi.

 

Uzcharmsanoat