ROSSIYA KOMPANIYASI OʻZBEKISTONDAN MAHSULOT IMPORT QILISH MAQSADIDA

05.04.2022

ROSSIYA KOMPANIYASI OʻZBEKISTONDAN MAHSULOT IMPORT QILISH MAQSADIDA

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Savdo vakolatxonasi ko‘magida Rossiyaning “Avanti” MCHJ kompaniyasi rahbariyati bilan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda asosiy eʼtibor mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarini Rossiyaga eksport qilish masalasiga qaratildi. 

Videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzbekiston charm-poyabzal sanoatida faoliyat olib borayotgan “Akbar Biznes Stroy”MCHJ, “Vodiy Shoes”MCHJ, “Classica Shoes International”MCHJ, “Hazorasp Delfin Shoes”MJCH, "Tata Shoes"MCHJ kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Ular xorijlik hamkorlarga oʻz korxonalarining imkoniyatlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar assortimenti bilan tanishtirdi.

Rossiya korxonasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar, uning ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishtirildi. Zarur mahsulotlarni mamlakatimizdan import qilish boʻyicha takliflarni ilgari surdi. Ular orasida poyabzal ustki qismi uchun blankalar, kanvas kabi toʻqimachilik mahsulotlari mavjud. Uchrashuvda xorijiy hamkorlar Oʻzbekiston korxonalari bilan hamkorlik qilish niyatida ekanliklarini bildirdi. Rossiyada ishlab chiqarish uchun xomashyo va materiallarni xarid qilish, ustki qismlar uchun blankalar tikishga buyurtmalar berish va mamlakatimizda qoʻshma korxona tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

“Avanti” kompaniyasi 18 yildan buyon Rossiya bozori uchun sport va xoreagrafiya poyabzallarini ishlab chiqaradi. Tayyor mahsulotlarni yetkazib berish yirik chakana savdo tarmoqlarida amalga oshiriladi, shuningdek, kompaniya Ozon va Wildberries bozorlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkoniyatiga ega.

Tomonlar hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar. “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati va Rossiya tomoni oʻzaro hamkorlikning kelgusi istiqbollarini joriy yilning 25-27-may kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo 2022” xalqaro koʻrgazmasi doirasidagi muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Uzcharmsanoat