“VIS-BILLUR”: KUSHXONALARDA QORAMOL GOʻSHTLARI HAQIDAGI ELEKTRON MAʼLUMOTLAR BAZASI YARATILMOQDA

16.09.2021

“VIS-BILLUR”: KUSHXONALARDA QORAMOL GOʻSHTLARI HAQIDAGI ELEKTRON MAʼLUMOTLAR BAZASI YARATILMOQDA

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamkorlikda hududlardagi zamonaviy avtomatlashtirilgan kushxonalarda yangi joriy qilinayotgan qoramol goʻshtlarining yagona elektron maʼlumotlar bazasi – “VIS-BILLUR” elektron axborot tizimini joriy etilishi yuzasidan targʻibot ishlarini olib borish maqsadida seminar yigʻilishini tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 8-maydagi 386-sonli qaroriga asosan, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga ixtisoslashtirilgan soʻyish korxonalarida veterinariya-sanitariya jihatidan xavfsizligi kafolatlangan soʻyilgan hayvon goʻshtlarining yagona elektron maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga oluvchi dasturni ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilish vazifalar yuklatilgan.

Seminarda takidlanganidek, ushbu yangi axborot tizimining mamlakatimizda toʻliq joriy etilishi eng avvalo oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga va aholiga sifatli goʻsht mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha elektron baza yaratilishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda ushbu platformada 20 ga yaqin axborot tizimlari ishlab chiqilib, 9 tasi amaliyotga joriy qilindi.

Soha mutaxassislari qayd etganidek, “VIS-BILLUR” axborot portaliga kiritilgan har bir qoramol veterinar shifokor nazoratida boʻladi. Roʻyhatdagi xayvonni soʻyishdan tortib, goʻshtning sanitar talablarga javob berishigacha boʻlgan jarayon toʻliq nazorat ostida amalga oshiriladi. Bu esa oʻz navbatida bozorlarda va savdo doʻkonlarida sifatsiz goʻsht mahsulotlarini sotilishini oldini oladi.

Bugungi kunda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi 87 ta avtomatlashtirilgan kushxonalarda mazkur yangi elektron dasturni samarali joriy qilish va tizmdan foydalanish boʻyicha ishlar boshlab yuborilgan.
Seminarda “VIS-BILLUR” axborot portalining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bunda, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda aholi isteʼmoli uchun goʻshtlarni yetkazib berishni muvofiqlashtirishga yangicha yondoshib, innovatsion yechimlar ilgari surildi.

Yangi tizimga muvofiq, tijorat maqsadlarida soʻyilgan hayvonlar ixtisoslashgan soʻyish korxonasining oʻzida yagona elektron maʼlumotlar bazasiga kiritilib, goʻshtga shtrix kodlar yopishtirish orqali veterinariya nazoratidan oʻtganligi va isteʼmolga yaroqliligi kafolatlanadi. Keyinchalik bu shtrix kodlar isteʼmolchilarga bevosita erkin tarzda mobil ilovalar orqali goʻshtning kelib chiqishi, soʻyilgan hayvon turi, soʻyilgan sanasi kabi maʼlumotlar bilan tanishish imkoniyatini beradi.

Goʻsht sotishga moʻljallangan savdo obyektlarida zaruriy moslamalar oʻrnatilib, sotish uchun keltirilgan goʻsht maʼlumotlar bazasidagi maʼlumotlarga muvofiq boʻlgan taqdirda sotishga ruxsat etiladi. Birinchi bosqichda dehqon bozorlari, keyingi bosqichlarda, savdo majmualari va boshqa savdo obyektlari hamda karantin maskanlarida joriy qilinadi.

Seminar davomida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo kushxonalar rahbarlari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan boshqa yangi elektron tizimlar bilan ham yaqindan tanishdi.

Uzcharmsanoat