Guangzhou Footwear Association: yangi hamkorlik manzili – O‘zbekiston

27.08.2025

Guangzhou Footwear Association: yangi hamkorlik manzili – O‘zbekiston

Jahon charm va poyabzal bozorida Xitoyning o‘rni beqiyos. Guangdong viloyati, xususan Guangzhou shahri va uning Shiling tumani esa bu sohaning “yuragi” sifatida tanilgan. Aynan shu hududni vakillik qiluvchi Guangzhou Footwear Association (Guangdong Shoes Manufacturers Association – TAGSM) bilan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi rahbariyati o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekiston charm sanoati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Akbar Sultanovning Xitoyga safari chog‘ida Guangzhou Footwear Association rahbarlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda asosiy e’tibor ikki masalaga qaratildi:

 investitsion hamkorlikni yo‘lga qo‘yish,

 O‘zbekiston orqali mahsulotlarni boshqa davlatlarga eksport qilish.

Guangzhou Footwear Association – bu nafaqat Guangdong viloyatining, balki butun Xitoy charm va poyabzal sanoatining yetakchi tashkilotlaridan biri. U yuzlab yirik korxonalarni, minglab ishlab chiqaruvchilarni birlashtirib, xalqaro savdo va investitsiya jarayonlarida muhim platforma sifatida xizmat qiladi.

Faqatgina Shiling tumani sanoat manzarasiga nazar tashlasak:

 8 mingga yaqin korxona,

 300 ming ishchi,

2 600 dan ortiq brend faoliyat yuritmoqda.

Bu esa Xitoy charm-poyabzal sanoatining global zanjirdagi eng kuchli halqalardan biriga aylanganini ko‘rsatadi.

Muzokaralarda Xitoy tomoni O‘zbekistonni sarmoya uchun jozibador maydon, shuningdek, global bozorlarga chiqishda yangi logistik ko‘prik sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi.

Guangzhou Footwear Association bilan hamkorlik O‘zbekiston uchun bir necha strategik foydalarni taqdim etadi:

 Xitoy kompaniyalari mamlakatimizda ishlab chiqarish liniyalari ochsa, yuzlab million dollarlik qo‘shimcha qiymat yaratiladi.

 Tayyor mahsulotlarimiz Yevropa, Turkiya va Yaqin Sharq bozorlariga kengroq kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 Xalqaro kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar “Made in Uzbekistan” brendining obro‘ va ishonchini oshiradi.

Hamkorlik Xitoy tomoniga ham bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi:

Ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish. Ishchi kuchi narxi oshib borayotgan bir paytda O‘zbekiston maqbul va malakali ishchi kuchi bilan jozibador bo‘lib turibdi.

Strategik geografiya. O‘zbekiston Xitoy uchun Yevropa va Yaqin Sharqqa chiqishda tabiiy ko‘prik vazifasini bajaradi.

 O‘zbekistondagi investitsiya muhiti xorijiy sarmoyadorlar uchun xavfsiz va istiqbolli.

 O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ayrim mamlakatlar bozoriga imtiyozli shartlarda kirishi mumkin, bu esa Xitoy kompaniyalari uchun qo‘shimcha afzallikdir.

 

Uzcharmsanoat