O‘zbekiston charm brendlari “Top Quality Brand” va “Peng Sheng Charm” — xalqaro sertifikatlash jarayonida

14.08.2025

O‘zbekiston charm brendlari “Top Quality Brand” va “Peng Sheng Charm” — xalqaro sertifikatlash jarayonida

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi Pokiston Islom Respublikasining Asian Verification & Consulting (Pvt. Ltd) kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi bir nechta charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari va ekologik standartlarga muvofiqlikni o‘rgandi. Mazkur tashrifning asosiy maqsadi — korxonalarni global bozorda tan olinishi uchun zarur bo‘lgan xalqaro sertifikatlash, xususan, LWG (Leather Working Group) auditi jarayoniga tayyorlashdir.

Ekspert tomonidan berilgan tavsiyalar asosida korxonalarning joriy holati tahlil qilindi va sertifikat olish uchun zarur tayyorgarlik bosqichlari hamda muddatlari belgilandi. Unga ko‘ra, mahalliy charm korxonalarining xalqaro auditdan o‘tishga tayyor bo‘lishi uchun 8–18 oylik davrda aniq ish rejalari amalga oshiriladi.

Asian Verification & Consulting kompaniyasi hamda “Top Quality Brand” MCHJ, “Peng Sheng Charm” MCHJ, “Nafis Charm” MCHJ, “Hamkor Nur Savdo” MCHJ, “Premium Leather” MCHJ o‘rtasida ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Ular xalqaro audit talablariga mos tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshlab yubordi.

Bugungi kunda “Top Quality Brand” va “Peng Sheng Charm” korxonalarining mavjud ishlab chiqarish quvvatlari va ichki jarayonlari LWG auditini o‘tkazish uchun yetarli darajada deb baholanmoqda. Mazkur korxonalarda tayyorgarlikning yakuniy bosqichlari faol davom etmoqda.

LWG sertifikati — global charm sanoatida ekologik barqarorlik, resurslardan oqilona foydalanish va ishlab chiqarish sifatini baholovchi yetakchi xalqaro standartdir. Ushbu sertifikatga ega korxonalar nafaqat ekologik jihatdan mas’uliyatli ishlab chiqaruvchi sifatida tan olinadi, balki eng yirik xalqaro xaridorlar va brendlar bilan bevosita hamkorlik qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mutaxassislarning fikricha, mazkur jarayonlar O‘zbekiston charm sanoatining xalqaro maydondagi mavqeini oshiradi, eksport imkoniyatlarini kengaytiradi va mahsulotlarimizni “global ekologik brend” sifatida tanitadi.

 

 

Uzcharmsanoat