Rossiyaning Yekaterinburg shahri shu kunlarda sanoat va texnologiya yuragiga aylangan. INNOPROM–2025 xalqaro ko‘rgazmasi – bu yerda har bir kvadrat metrda kelajak haqida gap ketadi: kim nima ishlab chiqaradi, kim bilan hamkorlik qilinadi, kim eksport qilishi mumkin.
Shunday maydonda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari ham qatnashmoqda. “Made in Uzbekistan” milliy stendi 7–10 iyul kunlari bo‘lib o‘tayotgan bu nufuzli tadbirda nafaqat o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda, balki aniq muzokaralar, sektorlararo hamkorlik va kelajak rejalari bilan qatnashmoqda. Bu oddiy ishtirok emas. Bu – sanoat orqali mamlakat qiyofasini namoyish qilish, mahsulot orqali diplomatiya olib borish, muzokaralar orqali yangi bozorlarga kirish deganidir.
Ko‘rgazmadagi muzokaralarning dastlabki kunidayoq o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning stendi atrofida Rossiya va Qozog‘istondan kelgan mutaxassislar, kompaniya egalari va distribyutorlar yig‘ildi. Ular orasida – KLMZ – TOO “Maker” kompaniyasi vakillari ham bor. Qozog‘istondagi konchilik sanoati uchun mahsus kiyim va poyabzal ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bu tashkilot O‘zbekiston mahsulotlariga jiddiy qiziqish bildirdi. Muzokaralarda konchilar uchun himoyaviy qatlam bilan qoplangan, past harorat va changga chidamli materiallar muhokama qilindi. “O‘zbekiston mahsulotlarida nafaqat narx, balki sifat ham bor”, dedi kompaniya vakillari.
Shuningdek, Rossiyaning “Teplofor” va “Zavod GRI” korxonalari bilan og‘ir sanoat uchun zamonaviy, yuqori texnologik tekstil asosidagi issiqlik saqlovchi kiyimlar va og‘ir ish sharoitlariga mo‘ljallangan poyabzallar ishlab chiqarish bo‘yicha texnik hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Bu mahsulotlar ko‘mir, neft, gaz va tog‘-kon sanoatida ishlatiladi – ayni damda butun Yevrosiyo bozorida ularga talab yuqori.
INNOPROM–2025da O‘zbekiston o‘zining yana bir noyob boyligini ko‘rsatdi – bu qorako‘l moynasi. Asrlar davomida bu noyob mahsulot faqat modaning bir elementi emas, balki madaniy ramz bo‘lib kelgan. Endilikda u eksportda ham o‘z o‘rnini topmoqda. Rossiyalik taniqli dizayner Valeriy Farrushin bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qorako‘l xomashyosi asosida maxsus kolleksiya ishlab chiqish, O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tayyor mahsulot eksport qilish va brendlashtirilgan loyihalarni birgalikda yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Zamonaviy sanoat nafaqat og‘ir texnika yoki avtomatlashtirilgan tizimlar bilan cheklanadi. Bugungi bozorda sport kiyimlari, jamoa formasi, korporativ brend kiyimlari ham katta sektorni egallaydi. Rossiyaning EVRAZEN kompaniyasi bilan o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar sport klublari, xususiy firmalar va maktablar uchun forma tikish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qildilar. Kompaniya vakillarining aytishicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sport mahsulotlari sifatli, narxi esa muqobillariga qaraganda ancha maqbul.
Yana bir e’tiborga molik muzokara – Dautov Bikes brendi bilan o‘tkazildi. Bu kompaniya sport velosipedlari ishlab chiqaradi va unga mos kiyim-kechak, sumkalar, aksessuarlar kerak. Ular o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga buyurtma asosida ishlab berish taklifi bilan chiqishdi.
Bu autsorsing modeli O‘zbekiston uchun ikkita eshikni ochadi: yangi bozorga chiqish va ishlab chiqarishni barqaror yuklama bilan ta’minlash.
“INNOPROM” – bu mahsulot ko‘rgazmasi bo‘lish bilan birga, kooperatsiya maydoni hamdir. Shuning uchun Konsultatsion markaz “Promyshlennye resheniya” bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar ham dolzarb bo‘ldi. Ular o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarga eksport sertifikatlari, texnik reglamentlarga moslik, ishlab chiqarish standartlarini soddalashtirish, laboratoriyalar tashkil etish kabi texnik masalalarda yordam taklif qilishdi. Bu mahsulotni tashqi bozorga chiqarishdagi eng muhim bosqichlardan biridir.
Uzcharmsanoat