Prezident muloqoti arafasida: tadbirkorlardan muhim tashabbuslar

29.07.2025

Prezident muloqoti arafasida: tadbirkorlardan muhim tashabbuslar

Joriy yilning 20 avgust sanasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan an’anaviy ochiq muloqoti bo‘lib o‘tadi. Bu muloqot nafaqat tadbirkorlar uchun, balki iqtisodiyotning barcha tarmoqlari uchun muhim siyosiy va amaliy voqelikka aylangan. Unda ko‘tariladigan masalalar va bildiriladigan takliflar kelgusi islohotlar yo‘nalishlarini belgilashda asosiy o‘rin tutadi.

Aynan shu muhim jarayon arafasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan charm-poyabzal sanoati vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Maqsad — soha tadbirkorlarini tinglash, ular tomonidan bildirilayotgan takliflarni umumlashtirish va muloqot kun tartibi uchun aniq echim takliflarini shakllantirishdan iborat.

O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati so‘nggi yillarda rivojlanayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu tarmoqda 1000 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu korxonalarning aksariyati ichki bozorga yo‘naltirilgan. Tashqi eksport hajmi hali ham yetarli darajada emas.

Muloqot chog‘ida tadbirkorlar tomonidan bir qator tizimli masalalar ko‘tarildi. Xususan:

Xalqaro standartlar (ISO, BSCI, REACH) bo‘yicha muvofiqlikni ta’minlash muammoli ekani;

Charm mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqishda logistika, marketing va distributsiya tarmoqlari yetarlicha rivojlanmagani;

Ishchi kuchining mavjudligiga qaramay, raqobatbardosh dizayn va intellektual menejment yetishmasligi;

Kichik sanoat zonalarida yer ajratishdagi byurokratik to‘siqlar.

Muloqot jarayonida tadbirkorlar quyidagi yo‘nalishlarda dolzarb takliflar berdi:

Kichik sanoat zonalaridagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va yer ajratish jarayonini raqamlash;

Xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlash markazlari bilan hamkorlikni kengaytirish, ushbu xizmatlarni mahalliylashtirish;

“Made in Uzbekistan” brendi uchun yagona marketing platformasini yaratish;

Charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan injiniring markazi yoki klasterni shakllantirish orqali yangi texnologiyalar va bilimlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish.

Tadbirkorlar ta’kidlaganidek, so‘nggi 5 yil ichida charm sanoatida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshdi: lokal klasterlar tashkil etildi, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok faollashdi, eksport hajmlari oshdi. Ammo bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqish uchun tarmoqni institutsional rivojlantirish zarur. Bu — nafaqat yakka korxonalar muammolarini, balki umumiy soha siyosati, kadrlar tayyorlash, texnologiyalarni jalb qilish va bozor strategiyalarini qamrab oladigan yondashuvni talab etadi.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi ushbu muloqot orqali tashkilot sifatida faqat sohani tartibga soluvchi emas, balki hukumat va biznes o‘rtasidagi muloqot platformasi sifatida faoliyat yuritmoqda. Joylardagi uchrashuvlar orqali umumlashtirilayotgan takliflar Prezidentning 20 avgustdagi muloqoti uchun mazmunli asos yaratishi kutilmoqda.

 

Uzcharmsanoat