Xitoy charm sanoati vakillarining Andijonga tashrifi: Hamkorlikning yangi bosqichi

26.06.2025

Xitoy charm sanoati vakillarining Andijonga tashrifi: Hamkorlikning yangi bosqichi

O‘zbekistonning charm-poyabzal sanoatidagi jadal rivojlanishi xorijiy investorlar e’tiborini tobora ko‘proq tortmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Xitoyning yirik charm va poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan kompaniyalari bilan aloqalar izchil rivojlanib, ularning vakillari mamlakatimizga ketma-ket tashriflar uyushtirmoqda.

Shunday tashriflardan biri Andijon viloyatida davom etdi. Xitoy charm sanoati delegatsiyasi mazkur hududda joylashgan muhim ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Delegatsiya a’zolari "KFK" korxonasi, "Ravon Taraqqiyot Orzusi" MCHJ, shuningdek Andijonning istiqbolli sanoat hududlaridan biri — Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi faoliyatini o‘rgandi.

Tashrif davomida xitoylik tadbirkorlar nafaqat ishlab chiqarish jarayonlari, balki mahsulot sifati, xomashyo manbalari, logistika imkoniyatlari va eksport salohiyatini ham chuqur o‘rgandilar. Ayniqsa, Oltinko‘l KSZ’dagi tayyor infratuzilma — ishlab chiqarish binolari, energiya ta’minoti va ishchi kuchi borasidagi imkoniyatlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu safar e’tiborga molik jihatlardan biri — uchrashuvning formati bo‘ldi. Andijon viloyati hokimi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv odatdagidek yig‘ilish xonasida emas, balki ochiq havoda, yanada samimiy va erkin muhitda tashkil etildi. Bu esa tomonlar o‘rtasida ishonchli va ochiq muloqotni ta’minlashga xizmat qildi.

Muzokaralar chog‘ida Xitoy kompaniyalari tayyor charm mahsulotlarini O‘zbekistondan xarid qilish, Oltinko‘lda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, ishchi kuchini o‘qitish va o‘zlarining Xitoydagi brend tarmoqlari orqali O‘zbekiston mahsulotlarini eksport qilish kabi aniq rejalarni muhokama qilishdi. Jumladan, ayrim kompaniyalar o‘zlarining yillik ishlab chiqarish hajmi 2 million juft poyabzalni tashkil etishini, bu salohiyatni O‘zbekistonga ko‘chirish istagida ekanliklarini ta’kidladilar.

Xulosa qilib aytganda, bu tashrif shunchaki tanishuv emas, balki real loyihalar sari yo‘naltirilgan amaliy qadam bo‘ldi. Andijon viloyatidagi tayyor infratuzilmalar, ochiq muloqot va mahalliy hokimiyatning konstruktiv yondashuvi O‘zbekiston–Xitoy charm sanoatidagi hamkorlikda yangi sahifani boshlab berdi.

 

 

Uzcharmsanoat