“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari M. Zahidov bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda tomonlar ikki yo‘nalishda hamkorlik bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdi: biri — tayyor mahsulot eksporti, ikkinchisi — O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarish tashkil etish.
Ming Feng Leather International Ltd kompaniyasi O‘zbekiston bozorini tayyor charm mahsulotlari bilan doimiy ta’minlab turuvchi strategik hamkor bo‘lishga qiziqish bildirdi. Kompaniya vakillarining aytishicha, ular har yili 2 million juft poyabzal ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, ayni damda O‘zbekistondan tayyor charm mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlagan.
Xitoy charm sanoatidagi bunday yirik ishlab chiqaruvchi tomonidan O‘zbek charmiga bo‘lgan talab — bu nafaqat eksport salohiyatining o‘sishi, balki brendli xalqaro mahsulotlar tarkibida mahalliy xomashyo ulushining oshishi demakdir.
Uchrashuvdagi ikkinchi yirik tomon — Dongguan Xianfeng Shoe Materials Co., Ltd esa nafaqat savdo, balki investitsion ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish niyatida. Kompaniya O‘zbekistondagi charm sanoatiga ixtisoslashgan kichik sanoat zonalaridan birida poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Bu nafaqat yangi ish o‘rinlari, balki mahalliy xomashyoni qiymat zanjiriga qo‘shish, texnologik almashinuv va ichki bozorda raqobatbardosh mahsulotlarning ko‘payishiga xizmat qiladi.
Uzcharmsanoat