Sog‘lom jamoa — sog‘lom tizim

23.06.2025

Sog‘lom jamoa — sog‘lom tizim

Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jamoaviy muhitni mustahkamlash va xodimlar o‘rtasida ijobiy ishbilarmonlik kayfiyatini yaratish – bugungi mehnat jamoalari oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi aynan shu maqsadda amaliy tashabbuslarni hayotga tatbiq etmoqda.

Haftada bir kun, ish vaqtidan so‘ng, sport zallarida to‘plangan uyushma xodimlari nafaqat jismoniy faollik bilan shug‘ullanmoqda, balki sog‘lom raqobat va jamoaviy kayfiyat muhitini ham yaratishmoqda.

“O‘zcharmsanoat” uyushmasi tizimida joriy qilingan yangi tashabbusga ko‘ra, har juma kuni jamoaviy sport musobaqalari o‘tkazilib kelinmoqda. Ayol xodimlar o‘rtasida voleybol va gandbol, erkaklar o‘rtasida esa basketbol va futbol musobaqalari jonli va musobaqaviy ruhda o‘tmoqda.

Bellashuvlarda faol ishtirok etgan jamoalar va g‘oliblar “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan munosib taqdirlanishi ham an’anaga aylangan.

Yuqori ish unumdorligi, intizom va barqaror muvaffaqiyatlar sog‘lom muhitda yuzaga keladi. Shuni inobatga olgan holda, uyushma tomonidan xodimlarga jismoniy faollik, sport mashg‘ulotlari va salomatlikka oid tadbirlarda ishtirok etishlari uchun zarur infratuzilma, sport inventari va sharoitlar yaratib berilgan.

Sport orqali jamoa a’zolari nafaqat sog‘lomlashmoqda, balki bir-birini yaqinroq tanib, ishdagi hamkorlikni kuchaytirmoqda.

 

Uzcharmsanoat