O‘zbekiston charm mahsulotlarini brendlash yo‘lida

12.06.2025

O‘zbekiston charm mahsulotlarini brendlash yo‘lida

Ozarbayjonning Boku shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi nafaqat sanoat va ishlab chiqarish sohalarida, balki PR va brending yo‘nalishida ham yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Tadbir doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo korxonalar xalqaro PR va marketing yo‘nalishida faoliyat yurituvchi PIARMAN kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdi.

PIARMAN — zamonaviy raqamli va strategik kommunikatsiya yechimlarini taklif etuvchi xalqaro PR agentligi bo‘lib, “Makes You Known” (ya’ni, “Sizni mashhur qiladi”) shiori ostida faoliyat yuritadi. Kompaniya biznes subyektlarini keng jamoatchilikka tanitish, brend qiymatini oshirish va OAV bilan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida boy tajribaga ega.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston charm-poyabzal sanoatidagi eksportyorlar uchun xorijiy bozorlarda imijni mustahkamlash, xalqaro media maydonlarida samarali targ‘ibot olib borish va raqamli ko‘rinishni shakllantirish borasidagi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

PIARMAN tomonidan xalqaro mezonlarga mos tarzda brifinglar, media-kampaniyalar, inflyuenser marketing, korporativ ijtimoiy mas’uliyat strategiyalari va PR tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Uzcharmsanoat