Kaspiy ortidagi imkoniyatlar: O‘zbekiston mahsuloti Bokuda e’tibor markazida

11.06.2025

Kaspiy ortidagi imkoniyatlar: O‘zbekiston mahsuloti Bokuda e’tibor markazida

Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tayotgan “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi nafaqat milliy mahsulotlar namoyishi, balki yangi bozorlarga chiqish, eksport aloqalarini mustahkamlash va xalqaro sheriklikni chuqurlashtirish uchun strategik platformaga aylandi.

Mazkur ko‘rgazma doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari ishtirokida tashkil etilgan biznes uchrashuvlar aynan shu maqsadlarni ko‘zlab o‘tkazildi. O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjon va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi.

Boku shahrida joylashgan AS Agrotex kompaniyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda charm sanoati, qishloq xo‘jaligi xomashyolari hamda sanoat mahsulotlari bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Ozarbayjonning agro sanoat va qayta ishlash yo‘nalishida faoliyat yurituvchi ushbu yetakchi kompaniya O‘zbekiston bilan mahsulot almashinuvi va texnik sheriklikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.

Shuningdek, Turkiyaning VOL-LOG Lojistik A.Ş. kompaniyasi bilan o‘tkazilgan muzokaralarda transport-logistika sohasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Kompaniya logistika zanjirini raqamlashtirish, yuklarni Yevropa bozorlariga tez va xavfsiz yetkazib berish hamda ombor xizmatlarini soddalashtirish bo‘yicha o‘z texnologik yechimlarini taqdim etdi.

Uchrashuv davomida ayniqsa, O‘zbekiston mahsulotlarini Turkiya orqali Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport qilish imkoniyatlari asosiy e’tibor markazida bo‘ldi.

Uzcharmsanoat