O‘zbekiston–Gruziya biznes forumi: yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

21.05.2025

O‘zbekiston–Gruziya biznes forumi: yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

Toshkent shahrida Gruziya Savdo-sanoat palatasi prezidenti Georgiy Pertaya boshchiligidagi rasmiy delegatsiya tashrifi doirasida O‘zbekiston–Gruziya biznes forumi hamda Ishbilarmonlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakat rasmiylari, yetakchi kompaniyalari va 100 ga yaqin gruzin tadbirkorlari ishtirok etdi.
Forum doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari Gruziyaning “Dressup Group” kompaniyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur kompaniya o‘z segmentida premium-klass poyabzallar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, O‘zbekiston bozorida tabiiy charm mahsulotlariga katta qiziqish bildirmoqda.
 Muzokaralar davomida “Dressup Group” vakillari O‘zbekistondan tabiiy charm import qilish, shu asosda yangi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda eksport geografiyasini kengaytirish niyatini ma’lum qildi.
Shuningdek, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida Tbilisi va Toshkent o‘rtasida biznes-missiyalar uyushtirish, mahalliy korxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Uzcharmsanoat