UzCharmExpo-EurAsia–2025 xalqaro ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli yakunlandi. 2025-yil 16–18 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan UzCharmExpo-EurAsia–2025 xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston charm-poyabzal va aksessuarlar sanoatida muhim voqeaga aylandi. Ushbu ko‘rgazmada 20 dan ortiq davlatdan ishlab chiqaruvchilar, savdo sheriklari va investorlar ishtirok etdi. Ular orasida Italiya, Polsha, Qozog‘iston, Ozarbayjon, BAA, Xitoy, Hindiston va Turkiya kabi mamlakatlarning yetakchi kompaniyalari ham bor edi.
Ko‘rgazmada 150 dan ortiq mahalliy va xalqaro kompaniyalar tomonidan 5 mingdan ziyod tayyor mahsulotlar, xususan ularning yangi namunalarining namoyishi tashkil etildi. Uch kunlik tadbir davomida 1500 ga yaqin tashrif buyuruvchi ro‘yxatdan o‘tdi. Ushbu tadbir orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan charm, poyabzal, sumka, aksessuarlar va ishlab chiqarish uskunalari jahon bozori ishtirokchilariga taqdim etildi.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma ishtirokchilar va tashrif buyuruvchilarning soni hamda xalqaro tarkibi bilan Markaziy Osiyodagi charm-poyabzal va mo‘yna sanoatining eng yirik ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi sifatida e’tirof etildi. Yil sayin ko‘rgazmaning geografiyasi kengayib, Yevropa va uzoq xorijiy mamlakatlarni ham qamrab olmoqda.
Bu yilgi xalqaro ko‘rgazmada Italiya, Germaniya, Ispaniya, Vengriya, Polsha, Serbiya, Hindiston, Turkiya, Xitoy, Rossiya, Belarus, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarning kompaniyalari va brendlari faol ishtirok etdi.
Hamkorliklar va erishilgan natijalar
Ko‘rgazma doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tomonidan bir qator xalqaro tashkilotlar bilan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmlarini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish yo‘nalishlarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Ko‘rgazma doirasidagi B2B va G2B uchrashuvlar biznes vakillari uchun samarali muloqot maydoniga aylandi. Natijada, Xitoyning “RedDragonFly” kompaniyasi bilan mamlakatimizda yangi investitsion loyiha amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va AYSAD o‘rtasida ham anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosini mustahkamlab, yangi qo‘shma loyihalarga zamin yaratadi.
Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Xitoyning ilg‘or poyabzal ishlab chiqaruvchilaridan biri — Gaffluence Company bilan qo‘shma investitsion loyiha amalga oshirilishi kelishib olindi. Ko‘plab ishtirokchilar o‘rtasida 25 mln dollarlik investitsiyaviy hamkorlik, 30 mln dollarlik eksport shartnomalari, qo‘shma loyihalar va texnologiya almashinuvi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Sizni navbatdagi ko‘rgazmaga taklif qilamiz!
Sizlarni joriy yilning 28–30 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “UzCharmExpo-EurAsia–2025” charm, poyabzal, attorlik, mo‘yna, jun, qorako‘l va mahalliylashtirilgan mahsulotlar 19-xalqaro ko‘rgazmasida kutib qolamiz!
Uzcharmsanoat