O‘zbekiston charm-poyabzal sanoati o‘z salohiyatini Xitoyda namoyon etmoqda. Jinjiang shahrida bo‘lib o‘tayotgan poyabzal, sport poyabzali, teri mahsulotlari va uskunalarga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo 20 dan ortiq korxona faol ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida bir qator amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari M. Zaxidov Pokiston kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar o‘zaro investitsiya loyihalari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo aloqalari va qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Xitoylik xom ashyo yetkazib beruvchilar esa O‘zbekistondagi qayta ishlash va eksport salohiyatiga katta qiziqish bildirmoqda. Ular uchun O‘zbekiston — hududiy logistika, sifat va ishonchli hamkorlik nuqtai nazaridan jozibador bozorga aylanmoqda.
E’tiborga molik jihat — O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun Jinjiangda maxsus ofis maydoni rasman topshirildi. Endilikda kompaniyalar ushbu ofisda o‘z mahsulotlarini namoyish etishi, hamkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishi va Xitoyda biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishi mumkin.
Bundan tashqari, ofis hududida konsultatsiya xizmatlari, malaka oshirish kurslari hamda eksport yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatadigan mutaxassislar ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
“Made in Uzbekistan” yorlig‘i bugun Jinjiangda sifat, innovatsiya va xalqaro hamkorlik timsoliga aylanmoqda.
Uzcharmsanoat