ХOM ASHYODAN TAYYOR MAHSULOTGACHA: CHARM-POYABZAL SANOATIDA KLASTERLAR SONI ORTMOQDA

24.08.2023

ХOM ASHYODAN TAYYOR MAHSULOTGACHA: CHARM-POYABZAL SANOATIDA KLASTERLAR SONI ORTMOQDA

Yaqin tarixga qadar ishlab chiqarishda klaster usuli O‘zbekiston tadbirkorlari uchun yangilik bo‘lgan bo‘lsa, juda qisqa vaqt ichida bu tizm nafaqat o`z samarasini berdi, balki respublika sanoatida ommalasha boshladi. Klasterlar xom ashyoni yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarga aylantirishga xizmat qiluvchi tizimga aylandi.

 Masalan, charm-poyabzal sanoatini olaylik. Tarmoqda yaratilgan yarim tayyor charm mahsulotning narxi bor-yo'g'i 10-20 dollar bo'lsa, tayyor mahsulotning tannarxi o'rtacha 55 -90 dollargacha o'zgarib turadi. Brend poyabzallarda esa qiymat bilan birga narx ham ko'tariladi.

 Bugungu kunda O`zbekiston charm-poyabzal sanoatida 11 ta klaster faoliyat olib boradi. bularga misol:

 Sirdaryo viloyatida joylashgan “Peng Sheng” MChJda yiliga 60 million kv.dm. tayyor charm, 300 ming juft poyabzal, 5 ming tonna chorva ozuqasi ishlab chiqariladi. Kompaniya bugungi kunda assortimentni oshirish ustida ishlamoqda. Yaqinda korxona tomonidan yiliga 3 ming tonna jelatin ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

 Farg‘ona viloyatidagi “Premium Leather” MCHJda ham klaster tizimi joriy etildi. Bugungi kunda ushbu korxonada yiliga 20 million kv.dm tayyor charm ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar korxonaning o‘zida qayta ishlab chiqarish zanjiriga yo`naltiriladi. Korxonaning o`zida yiliga 200 ming juft bolalar va 300 ming juft maxsus poyabzallar tayyorlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan “Orient Technology” MCHJ ham o‘zining kengaytirilgan ishlab chiqarish siklini ishga tushirdi. Bu yerda ishlab chiqarilgan charmning bir qismi poyabzal tayyorlashga ketadi. Kompaniya har yili bozorga 500 000 juft mahsulot yetkazib beradi.

Surxondaryo viloyatida joylashgan yana bir korxona – “Top Quality Brand” MCHJ tomonidan 40 million kv.dm tayyor charm ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, 30 million kv.dm. avtomobilsozlik va mebel sanoati uchun charm, 700 ming juft poyabzal va 200 ming dona. charm buyumlar tayyorlanadi.

Tez orada respublika boʻylab yana 6 ta yangi korxona klaster tamoyili asosida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi.

Uzcharmsanoat