Assomac: O`zbekiston kichik sanoat zonalariga texnik ko`mak ko`rsatiladi

19.09.2024

Assomac: O`zbekiston kichik sanoat zonalariga texnik ko`mak ko`rsatiladi

Milanda bo`lib o`tayotgan xalqaro ko`rgazmalar doirasida “O`zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo korxonalar Italiyaning “Assomac” va “Pisie” tashkilotlari bilan muloqot o`tkazdi.
  Muzokalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, mamlakatimiz charm sanoati korxonalariga texnik ko`mak ko`rsatish, o`quv markazlari uchun grantlar ajratish masalalari muhokama etildi. 
  “Assomac” tashkiloti ayni vaqtda O`zbekiston bilan yaqin aloqalarni yo`lga qo`ygan. Ko`plab mahalliy korxonalarimizga texnik ko`mak ko`rsatib kelmoqda. Qayd etish kerak, charm sanoati korxonalarini modernizatsiya jarayonlarida ko`plab dastgohlar Italiyadan keltirilgan. Shu sabab, tashkilot mamlakatimizda servis markazini ochishni rejalashtirmoqda. Muloqotda bu yo`nalishdagi amaliy jihatlar bo`yicha fikr almashildi. 
Shuningdek, Italiya tashkiloti Toshkent viloyati Oxangaron tumanida joylashgan charmsanoat kichik sanoat zonasini rivojlantirish va unga loyihalarni joylashtirishda texnik hamkor sifatida o`z maslahatlarini berib boradi.
  Shuningdek, Uyushma raisi v.b Akbar Sultanov Eron charmsanoat uyushmasi raisi bilan uchrashuv o`tkazdi. Muloqotda eksport-import masalasi ko`rib chiqildi. Eron tomoni soha uchun zarur kimyoviy moddalarni yetkazib berishga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, mamlakatimiz korxonalaridan qayta ishlangan qo`y terisini xarid qilishni maqsad qilgan. Toshkentda bo`lib o`tadigan “UzCharmExpo-EurAsia-2024” xalqaro ko`rgazmasida Eron kompaniyalarining ishtirokini ta`minlash bo`yicha kelishuvga erishildi.
Portugaliyaning “Azpiel”, Ispaniyaning “Incusa” kompaniyalari mahalliy “Hamkor Nur Savdo” MCHJdan charmning “Wet blue” va “Krast” ko`rinishdagi mahsulotlarini xarid qilish bo`yicha kelishuvga erishdi.  Shuningdek, "Hamkor Nur Savdo" MCHJ Italiya kompaniyasi bilan qiymati 2mln. AQSH dollarlik eksport shartnomasiga erishdi. 
Vengriyaning “Tisza Cipo Group” kompaniyasi “Ulkan Laziz” MCHJ bilan maxsus poyabzallarni xarid qilish bo`yicha muzokarlarni yakunladi. Mahalliy korxonamiz vakillari ayni vaqtda Vengriyaga tashrif buyurib ushbu kelishuvni imzolashi kutilmoqda. Shartnomaning hozirgi vaqtdagi qiymati 2.5 mln.dollarni tashkil etadi.
 

Uzcharmsanoat