Ohangaronda  23 ta yangi charm sanoat korxonalari barpo etiladi.

05.07.2024

Ohangaronda 23 ta yangi charm sanoat korxonalari barpo etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qarorida Toshkent va Jizzax viloyatlarida charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish orqali, charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan charm-poyabzal sanoati klasterlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida hamda samarali ta’minlash maqsadida Ohangaron tumanida 15,7 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Shuningdek, charm sanoat texnoparki direksiyasi tashkil etildi.

Bugungi kunda  mazkur kichik sanoat zonasida 7 ta tashabbuskor tomonidan 23 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Loyihalarning umumiy qiymati 31,5 mln dollardir.

Mahalliy tadbirkorlar bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy Turkiya kompaniyalari ushbu hududda o‘z loyihalarni amalga oshiradi.

Kichik sanoat zonasida avtomatlashtirilgan kushxona, terini qayta ishlash va undan tayyor mahsulot olishga ixtisoslashgan klaster, poyabzal ishlab chiqarish korxonalari va junni qayta ishlash zavodlari joy egallaydi.

Ayni vaqtda Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida kichik sanoat zonasida suv tozalash inshootlarini barpo etish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, Prezident qarori bilan Toshkent viloyati hokimligi tomonidan sanoat zonasiga yondosh hududlardan  yana 20 gektar yer maydonini ajratish ishlari boshlangan.  Yer maydonlari ajratilgach auksionga qo‘yiladi. Hozirda Uyushma tomonidan yangi tashabbuskorlarning takliflari o‘ranib chiqilmoqda.

Uzcharmsanoat