Davlatimiz rahbari 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarurligini qayd etgan edi. Barcha vazirlik, tarmoq, oliy ta’lim muassasalari oldiga xalqaro hamkorlik asosida malakali kadrlarni yetishtirib chiqarish bo‘yicha aniq vazifalar yuklangan edi.
Ushbu vazifalar ijrosi yuzasidan Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida charm-poyabzal mahsulotlari texnologiyasi yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning bir guruhi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va Minsk charm ishlab chiqaruvchilar birlashmasi hamkorligida Belarus Respublikasida malaka oshirishni boshladi. Ular teri xom ashyosini qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yevro standartlar asosida bilim olishmoqda.
Mazkur zavodda yoshlar bugungi kunda xalqaro charm sanoat bozoridagi so‘ngi texnologiyalar, charmga ishlov berishda qo‘llaniladigan kimyoviy moddalar, yangi tendensiyalar bilan tanishmoqda. Bilim olish barobarida yoshlar ushbu korxonada ishlash imkoniyatiga xam egadir. Ular malakali texnologlardan soha sir asrorlarini to‘liq egallamoqda. Aytish kerak, shu kunga kadar bu yoshlar asosan nazariy bilimlarni olishgan. Hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi xamda Minsk charm ishlab chiqaruvchilar birlashmasi o‘rtasida memorandum imzolandi.
Endilikda hamkorlikning yanada kengayishi ortidan nafaqat Toshkent to‘kimachilik va yengil sanoat instituti talabalari balki, Namanganda tahsil olayotgan yoshlar xam xorij tajribasi asosida bilim olishlari mumkin. Talablarga barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha majburiyat korxona zimmasida bo‘ladi. Shuningdek, uyushma Vitebsk Davlat texnologiya instituti bilan ham ta’lim yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirmoqda.
Uzcharmsanoat