“O‘zcharmsanoat” uyushmasi qoshida mamlakatimiz charm sanoati korxonalari uchun malakali texnolog, dizayner va injener mutaxasissalarni tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashtirilgan trening markazi o‘z faoliyatini boshladi.
Trening markazining ochilish marosimiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki, Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloting GIZ loyihasi vakillari, Oliy ta’lim muassasalari, turli vazirlik hamda idoralar mas`ullari, tadbirkorlar va OAV xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida so‘z olganlar takidlaganidek, bugungi kunda mamlakatimiz charm sanoat tarmog‘i yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Shu nuqtai nazarda malakali texnolog va dizaynerlarga talab oshmoqda. Ushbu trening markazi esa xorij tajribasi asosida mahalliy kadrlar malakasini oshirishda qulay muhitni yaratadi.
Qayd etilganidek, ishlab chiqarish va ilm-fan integratsiyasida mahalliy korxonalar ishtirokini yanada faollashtirish zarur. Germaniya, Xitoy, Italiya, Turkiya, Hindiston kabi charm sanoat rivojlangan davlatlardan malakali texnolog va dizaynerlarni jalb etgan xolda o‘quv dasturlarini amalga oshirish kerak.
Shuningdek, tadbirda trening markazining faoliyati, asosiy yo‘nalishlari haqida taqdimot o‘tkazildi. Tarmoqni rivojlantirishga qaratilgan strategiya asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Ma’lumot uchun: Deutsche Gesellschaft für Internationale Zusammenarbeit (GIZ) GmbH (Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati) 130 ta davlatda faoliyat yurituvchi Germaniya federal kompaniyasidir. GIZ Germaniya Federativ Respublikasi hukumatini barqaror rivojlanishga ko‘maklashish bo‘yicha xalqaro hamkorlik sohasidagi o‘z maqsadlarini amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlaydi.
GIZ O‘zbekistonda 1992 yildan buyon loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Xalqaro hamkorlik orqali GIZ iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va tabiiy resurslarni muhofaza qilish sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Uzcharmsanoat