Bo‘lajak texnolog va dizaynerlar diplom ishi himoyasida

25.06.2024

Bo‘lajak texnolog va dizaynerlar diplom ishi himoyasida

 “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamkorligida charm sanoati sohasida ta’lim olayotgan yoshlarga malakali bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish maqsadida “dual ta’lim” tizimini yo‘lga qo‘ygan edi. Bo‘lajak dizayner va texnologlar to‘rt yil mobaynida nazariy bilimlar bilan bir qatorda mamlakatimizdagi charm-poyabzal korxonalarida o‘z amaliy ko‘nikmalarini oshirib bordi. So‘ngi texnologiyalar va tenedensiyalar asosida bilimlarini oshirdi. Davlat rahbarining muhandislik sohalarida ilm va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda mahalliy kadrlar malakasini oshirish va ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha tarmoqlar oldiga qator vazifalar yuklatildi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining charm sanoat yo’nalishida tahsil olgan yoshlarning bitiruv malakaviy himoyasi mahalliy korxonalar rahbarlari ishtirokida tashkil etildi. Maqsad bo‘lajak muhandislarning bandligini ta’minlash va ishlanmalarini ishlab chiqarishga joriy qilishdir.
Bitiruv himoyasida yoshlar o‘zlarining yangi ishlanmalari va terini qayta ishlash sohasidagi izlanishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Brendlar yaratish, poyabzallar dizayni, qoramol terisini chuqur qayta ishlash bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Korxona rahbarlari diplom himoyasi vaqtida yoshlarning izlanishlarini yuqori baholab, ularni amaliyotga joriy qilish lozimligini, bu yo‘nalisharda chuqur ilmiy izlanishlar olib borib, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

Uzcharmsanoat