CIIE-2024: O‘zbekiston charm sanoati yutuqlari Xitoyda

06.11.2024

CIIE-2024: O‘zbekiston charm sanoati yutuqlari Xitoyda

 Xitoyning Shanxay shahrida dunyoning eng yirik import mahsulotlari va xizmatlari  “China International Import Expo” 7-xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga a’zo 20 dan ortiq korxonalar ham ishtirok etmoqda. Mazkur xalqaro anjumanda tayyor charm, poyabzal, qorako‘l va mo‘yna, jelatin, kollogen, attorlik buyumlari taqdim etilmoqda.

Ko‘rgazma doirasida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Mirsaid Zoxidov qator xorijiy davlatlar kompaniyalari va tashkilotlari bilan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, biznes partfellarni yangi kelishuv hamda shartnomalar bilan boyitish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.
Xususan, Misrning “Leather Export” kompaniyasi rahbari bilan muloqotda tayyor charm mahsulotlarini mazkur mamlakatga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama etildi.

 Shuningdek, yangi invest loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha uyushma tomonidan tayyorlangan sarmoyaviy loyihalar paketi bilan tanishtirildi. Shuningdek, Shri-Lanka, Malayziya, Eron, Tunis kabi davlatlarning ishbilarmon doira vakillari bilan ham muzokaralar o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda charm sanoat sohasidagi islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida axborot berildi. 

CIIE-2024 doirasida namoyishga qo‘yilgan tayyor charm va ozuqa jelatinlariga qiziqish yuqori bo‘lmoqda.

Uzcharmsanoat